Breaking News

XAMAS sulhga rozi bo’lishiga qaramay, Isroil Rafahga hujumni kuchaytirmoqda


Isroil tanklari Rafahda
Isroil tanklari Rafahda

Xabarlarga ko’ra, XAMAS harakati G’azoda sulhga doir kelishuv loyihasini ma’qullagan va bu haqda vositachi davlatlar Misr va Qatarga bildirgan. Unda bir necha kunlik otashkesim, XAMAS garovidagi isroilliklarni ozod etish ko’zda tutilgan. Biroq Isroil kelishuv shartlari unga to’g’ri kelmasligini ma’lum qilib, Misr bilan chegaradagi Rafah shahriga hujumlarini kuchaytirdi.

Xalqaro hayot - 7-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:45 0:00

AQSh Prezidenti Jo Bayden mintaqadagi vaziyatni Vashingtonga tashrif buyurgan Iordaniya qiroli Abdulla bilan muhokama qildi.

“Garovdagilarning ozod bo’lishini istaymiz. Olti haftalik otashkesim bo’lishini xohlaymiz. Gumanitar yordamni ko’paytirishni xohlaymiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Isroil Rafahda jon saqlayotgan falastinliklarga shaharni tark etishni buyurishi bilan bir paytda Rafahga hujumlarini faollashtirdi.

"Garovdagilarni tezroq uylariga qaytarish eng asosiy vazifamiz. Bunga doir muzokaralar bo’yicha har bir javobni jiddiy o’rganib chiqamiz. Shu bilan bir paytda G’azo Sektoridagi amaliyotlarimizni davom ettiramiz”, - deydi Isroil mudofaa kuchlari so’zlovchisi Daniel Xagari.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasidan xavotir bildirmoqda.

“Rafahda yirik amaliyot boshlash natijasida jangovar harakatlarning avj olishi u yerda yashayotgan aholi va Rafahga ko’chib borgan odamlarning imkonsiz ahvolini yanada og’irlashtiradi”, - deydi BMT bosh kotibining so’zlovchisi Stefan Dujarrik.

Seshanba kuni Isroil sektor bilan Misr chegarasidagi Rafah o’tish punktini nazoratga oldi, shaharga tanklar kirdi, tunda havodan zarbalar berdi.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi kamida 54 odam o’lganini ma’lum qildi.

Qo’lbola chodirlarda yashayotgan falastinliklar ortiq qochadigan joyi yo’qligini, G’azoning boshqa qismlari vayronalarga aylantirilganini aytadi.

“Bu yerdan ketamiz albatta, ammo qaysi joy hozir xavfsiz ekanini bilmaymiz ham. B’azilar Xon-Yunusni aytadi. Yana kimdir al-Mavasini. Ammo hozir hamma joyga bombalar yog’ilyapti. Hayotimiz bitdi, shahidlarga o’xshaymiz. Biroq ruhimizni yo’qotganimiz yo’q”, - deydi bir ayol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG